Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

USTOZ ULUG’ ZOTDIR

Avvalom bor assolomu alaykum aziz ustozlar va murabbiylar sizlarni umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, barcha-barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman. Barchamizni bilimlar olamiga oshno etish barobarida ongu-shuurimizda oliyjanob fazilatlarning shakllanishida, teran va sog‘lom tafakkur sohibi bo‘lib voyaga yetishimizda mehribon ustozlar, fidoyi murabbiylar, g‘amxo‘r o‘qituvchilarning xizmati betakrordir. Dunyoda kasblar juda ko‘p. Har birining o‘ziga xos jihatlari bor. Masalan, huquqshunoslik yoki bank sohasi mas’uliyatli, ancha jiddiy soha sifatida ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Oshpazlik yoki tikuvchilik Quruvchilik oddiy kasbdek tuyuladi. Ammo menga qolsa, kasblarning eng yaxshisi o‘qituvchilik. Chunki har birimizning qo‘limizga ilk bora qalam tutqazib harf o‘rgatgan o‘qituvchilardir. Darhaqiqat, biz erishgan har bir yutuqda ustozlarimizning hissalari mavjud.

Odamlarga xarf o‘rgatib savodini chiqarish bu ularga o‘rgatilgan eng yaxshi ta’lim desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki biz butun hayotimiz davomida shu ustozlarimiz o‘rgatgan xarflardan foydalanib o‘qiymiz, yozamiz va ilmimizni oshirishda davom etamiz.

          “Ustoz otangdek ulug’” xalqimizning bu ibratli so‘zlarida shunday hur ma’no mujassamki ustoz va murabbiylarsiz yuksak hunarga ham ilmga xam yetishib bo‘lmaydi. Bu bayram, avvalo, o’zining bilim va tajribasi, istedod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko’z nuri va qalb qo’ri, butun borlig’ini ayamasdan, marifat yo’lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir.

Bir necha yildirki, yurtimizda 1 oktyabr – O’qituvchilar va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Ming-minglab murg’ak qalblarga ezgulik yog’dusini sochadigan, o’z o’quvchilariga hayot maktabini beradigan mo’tabar zot – o’qituvchi va murabbiylarimizga bugungi kasb bayramingiz muborak bo’lsin, deymiz!

Haqiqatan ham, ko’z nuri va qalb qo’rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag’ishlagan, bir so’z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak ham oz.

 

                                                                                           O’zbekiston yoshlar ittifoqi Muhandis-texnika fakulteti yetakchisi Odilov To’lqin.