Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

Joriy o‘quv yili mart oyidan to‘lov-kontrakt miqdorlari oshdi


O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-son majlis bayoni 12-ilovasiga asosan, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatlari eng kam oylik ish haqi miqdoriga bog‘lab qo‘yildi. O‘nga ko‘ra o‘quv yili uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan to‘lov-kontrakt qiymatlari eng kam oylik ish haqining 45 barobaridan 60 barobarigacha bo‘lgan miqdorlarni tashkil etishi va Respublikada eng kam oylik ish haqi miqdorlari oshirilganda mos ravishda to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari navbatdagi semestr boshidan oshirib borilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bu esa shuni anglatadiki, ish haqlari oshsa, kontrakt ham xuddi shuncha foizga oshadi. Faqat qoidaga binoan, EKOIH miqdori oshirilganda kontraktlar navbatdagi semestrdan boshlab oshiriladi.
2018 yilning 13 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»ni Farmoni e’lon qilingandi. Unga asosan, 2018 yilning 1 noyabridan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirilgan va respublika hududida eng kam oylik ish haqi 202 730,0 so‘m etib belgilangandi.
Shu sababli, noyabrda oshgan ish haqlari mart oyidan boshlab o‘quv yilining 2-yarmi uchun to‘lanadigan kontraktga ta’sir qiladi.
Masalan: Institutdagi 5230100-“Iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha joriy o‘quv yili boshida to‘lov-kontrakt miqdori 10 136 500,0 so‘mni tashkil etgandi, demak o‘quv yili yarmi uchun amalga oshiradigan to‘lov miqdori 10 136 500,0/2=5 068 250,0 so‘mni tashkil etadi. Noyabr oyida EKOIH miqdori oshirilgandan so‘ng, to‘lov-kontrakt miqdori faqat o‘quv yili navbatdagi semestr boshidan, ya’ni o‘quv yili ikkinchi yarim yilligidan mos 1,1 barobarga oshiriladi va 5 068 250,0*1,1=5 575 075,0 so‘mni tashkil etadi. Demak, o‘quv yilida umumiy to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lov-kontrakt miqdori 10 643 325,0 so‘mni tashkil etadi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2012 yil 28 dekabrdagi 508-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan (Adliya vazirligida 2013 yil 26 fevraldagi 2431-son bilan ro‘yxatga olingan) “Oliy va o‘rta mahsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning III bob 18-bandiga asosan joriy o‘quv yili uchun oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdoridagi to‘lovni amalga oshirgan talabalar uchun shartnoma qiymati o‘zgarishsiz qoladi. 
Quyidagi jadvallarda institutda mavjud bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 2018/2019 o‘quv yili uchun bitta talabani to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitish qiymati miqdorlari keltirilgan.