Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

YANGI O‘QUV YILIGA START BERILDI

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida istiqlolimizning 28 yillik shodiyonalari hamda bilimlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda oliygohning birinchi bosqichiga qabul qilingan talabalar,  ota-onalar, faxriy va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan, institut rektori Nazirila Maxmudov yig‘ilganlarni yurtimiz bo‘ylab “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida keng nishonlanayotgan mustaqillik bayrami bilan tabriklab, boshlanajak yangi o‘quv yilida omad tiladi. Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksakka ko‘tarish maqsadida qabul qilingan harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, kadrlar tizimini tubdan ko‘rib chiqib, xalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga shart-sharoitlar yaratish maqsadida yurtimizda yangi oliy o‘quv yurtlari, xorijdagi nufuzli oliygohlarning filiallari tashkil etilayotganligi, qabul kvotalari oshirilganligi, ko‘pgina yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar ochilganligini va bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Qarshi muxandislik iqtisodiyot institutida ham qator ishlar amalga oshirilganligini aytib o‘tdi. Jumladan, 2018/2019 o‘quv yilida xorijiy oliy ta’lim muassasalarining  professor-o‘qituvchilari tomonidan 8 marta onlayn ma’ruzalar, Rossiya, Portugaliya, Bolgariya, Janubiy Korea, Turkiya davlatlarining oliy ta’lim muassasalari professorlari tomonidan 19 marta ochiq ma’ruzalar tashkil etilgan.

Ma’lumot o‘rnida: 2019/2020 o‘quv yili davomida oliygoning 27 ta ta’lim yo‘nalishida 1715 nafar bakalavr tahsil oladi, shundan 460 nafari davlat granti, 1255 nafari shartnoma asosida.  Magistiratura bosqichining 14 ta ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha jami 76 nafar talabalar qabul qilingan bo‘lib, ulardan 54 nafari davlat granti, 22 nafari shartnoma asosida tahsilni davom ettiradi. Sirtqi ta’lim shakliga esa, 16 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 350 nafar talaba qabul qilindi. Bundan tashqari, joriy o‘quv yilidan oliygohda 2 ta yangi bakalavr yo‘nalishi va yana shuncha magistr mutaxasisliklari ochildi.

Tadbir davomida, institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari so‘zga chiqib, oliy ta’lim tizimida qabul qilingan o‘zgarishlar va yangiliklar haqida gapirishdi. 2019/2020 o‘quv yili uchun bo‘lib o‘tgan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, eng yuqori ball – 189 ni qo‘lga kiritib, iqtisodiyot fakultetining talabasi bo‘lgan Raxmiddin Ro‘ziev ham so‘z olib, o‘zi bilan yelkama-yelka turib tahsil oladigan kursdoshlariga omad tiladi. Shu kundan barcha ta’lim yo‘nalishlarining birinchi bosqichiga qabul qilingan talabalarga institut rektori, prorektorlar, dekanlar va professor-o‘qituvchilar tomonidan mustaqillik darslari o‘tkazila boshlandi.