Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

VILOYAT HOKIMI MAHORAT DARSINI O‘TKAZDI

Yangi o‘quv yilining ikkinchi kuni Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Muhandis-texnika fakultetining ikkinchi bosqich talabalari uchun esda qolarli kun bo‘ldi. Ular bu kundan olgan taassurotlarini kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida dasturulamal qilib olsalar, ajab emas.

Sababi, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziev ishtirokida mahorat darsi o‘tkazildi. Talabalar bilan materiallar qarshiligi va qurilishi mexanikasi fani bo‘yicha bilimlarini bo‘lishdi.

  • Men ham shu institutning sobiq talabasi bo‘lganman, u paytlar Toshkent irrigatsiya va meloratsiya institutining Qarshi filiali, deb atalardi, – deydi hokim. – Bu dargohda respublikada tan olingan, bilimli ustozlar dars berishgan va hozir ham shunday, deb bilaman. Oltin davringizning har bir daqiqasini qadrlab, faqat bilim oling, kitob o‘qing. Chunki, ertaga bu yerdan uchirma bo‘lib, qaysi dargohda borib ishlasangiz ham Sizga faqat va faqat ilmingiz yordam beradi.

Fanga kirish darsi, hayot darsiga aylanib ketdi. Hokim ertaga har qanday bo‘lajak muhandis va iqtisodchi uchun zarur bo‘ladigan kasbiy tajribalari haqida hayotiy misollar bilan tushuncha berdi. Izlanuvchan, o‘z ustida ishlay olgan kadrlarga ehtiyoj har qanday davrda ham dolzarb bo‘lishini, alohida ta’kidlab o‘tdi.

  • Sizlar bilan yana uch oydan keyin, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida xuddi shu joyda uchrashaman, – deydi hokim suhbat davomida. – Faqat bu vaqt ichida menga konstitutsiyamiz va o‘zingiz sevgan 3 ta badiiy kitobni o‘qib, mag‘zini aytib bera oladigan darajada bo‘lishingiz kerak. Men har biringiz bilan alohida savol-javob qilaman. To‘g‘ri javob bergan talabani albatta planshet bilan taqdirlayman.

Tadbir do‘stona va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.