Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

TALABALAR TARBIYASI NAZORATIDA IKKI TOMONLAMA HAMKORLIK O‘RNATILADI

Xabaringiz bor, 2019-2020 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish tizimida o‘zgarishlar bo‘ldi. Shartnoma to‘lovlaridagi yengilliklar, “stipendiyali” yoki “stipendiyasiz” o‘qish imkoniyati va uning afzalliklari haqida talabalarning ota-onalarida hali ham savollar tug‘ilayapti, tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Kecha Texnologiya fakulteti 1-bosqichiga qabul qilingan talabalarning ota-onalari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni shu mavzudagi savollarga fakultet dekani Sh.Ahmedov va professor-o‘qituvchilar tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.

Bundan tashqari ota-onalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomi va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining talabalari uchun ishlab chiqilgan ichki tartib-qoidalar va odob-ahloq qoidalari haqida tushunchalar berildi. Yuqoridagi qaror va nizomda qayd etilgan yoki oliygohning o‘z qoidalarida keltirilgan tartibni buzgan talabalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi aytildi, talabalarning tarbiyasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi, bu bo‘yicha institutda bir qancha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani misollar yordamida ota-onalarga tushuntirildi. Bu masalalar bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.

QarMII matbuot xizmati.