Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

OTA-ONALARNING TAKLIFLARI BO‘YICHA QILINADIGAN ISHLAR REJALASHTIRILDI

QarMII Iqtisodiyot fakultetiga 2019-2020 o‘quv yilida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 1-bosqichga 175 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Kecha institutda bo‘lajak iqtisodchilarning ota-onalari taklif etilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ota-onalar, institut rektori N.Maxmudov, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor A.Xayriddinov, fakultet dekani vazifasini vaqtincha bajaruvchi K.Mirzaev va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Yig‘ilishni oliygoh rektori N.Maxmudov ochib berdi.

  • Bolaning bir qo‘lini siz ushlang, ikkinchisini biz ushlaylik, – deydi rektor ota-onalarga yuzlanib. – O‘nga yaqin chet davlatlarning institut, universitetlari bilan hamkorligimiz bor. Kelinglar, ikki tomonlama nazoratni kuchaytirib, talabalarimizni o‘sha oliygohlarda o‘qishga yuboraylik, malaka oshirishsin, yanada ko‘proq ilm olishsin. O‘zbekiston uchun kerakli kadrlar bo‘lib yetishishsa, ertaga ular ortidan faqat  rahmat eshitamiz.

Yig‘ilish davomida ota-onalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 139- va 393-sonli qarorlarida keltirilgan majburiyatlar va institutning ichki tartib va odob-ahloq qoidalari haqida tushunchalar berildi. O‘z navbatida ota-onalarning ham taklif va mulohazalari tinglandi. Institut qoshida rus va ingliz tillari kurslari ochish hamda “Kompyuter savodxonligi” to‘garagi faoliyatini kengaytirish lozimligi haqidagi takliflari bo‘yicha qilinadigan ishlar rejalashtirib olindi.

QarMII matbuot xizmati.