Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

USTOZ – BUYUK VA MO‘TABAR ZOT!

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida 1 oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda sohada uzoq yillar xizmat qilgan faxriy ustozlar, institutning professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etishdi. Dastavval, institut rektori N.Maxmudov so‘zga chiqib, barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari bilan samimiy muborakbot etdi.

– Dunyoda bolaga tarbiya va ilm berishdan ko‘ra muhimroq, zarurroq bo‘lgan hech bir ish, mashg‘ulot yo‘q, – deydi rektor N.Maxmudov. – Sizlarga ana shu – talaba-yoshlarga ilm o‘rgatish, tarbiya berishdek savobli, mas’uliyatli va mashaqqatli yo‘lda sabr, matonat tilayman.

Bayram tadbirida institut professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talaba-yoshlarining ilmiy-innovatsion ishlanmalari, talaba qizlarning to‘quvchilik va tikuvchilik ishlari va badiiy adabiyotlar ko‘rgazmalarining tashkil etilganligi tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining viloyat kengashi raisi S.Maxmatmo‘minov, Qashqadaryo viloyat musiqali dramma teatri bosh rejissyori, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Isoq To‘raev hamda texnika fanlari doktori, professor M.Normurodovlar so‘z olib, institutdagi barcha professor o‘qituvchilar va murabbiylarni bayram bilan qutladilar.

Shundan so‘ng, institut rahbariyati va xodimlari va talabalari kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan samarali pedagogik faoliyatini olib borib, ilmiy, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarda yuqori natijalarga erishgan professor o‘qituvchilar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Bayram tadbiri davomida Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrining xonandalari tomonidan kuy qushiqlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.

QarMII matbuot xizmati..