Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

10 OKTYABR – BUTUN JAHON PSIXIK SALOMATLIK KUNI

Bugun dunyoda “Psixologlar kuni” va “Butun jahon psixik salomatlik kuni” keng nishonlanayapti. Shu munosabat bilan kecha Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutining Neft va gaz fakultetida institut psixologi Barno Kalonova hamda fakultetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Ilhom Holbozorov tashabbusi bilan “Har bir qalbda quyosh tafti mujassam” deb nomlangan aksiya o‘tkazildi.
Fakultet binosiga kirish qismida aksiya uchun maxsus burchak va banner tashkil qilindi. Bannerga ilib qo‘yilgan yuzlab kichik o‘lchamdagi qog‘ozchalarga talabalar o‘zlarining muammolari, anchadan buyon qiynab kelayotgan o‘y-xayollari yoki aksincha, hayotlarini quvonchga to‘ldirgan insonlar, orzu-umidlari, maqsadlari haqida yozishdi.
-Maqsad, talaba-yoshlar bilan yanada yaqinlashish, ularning hayotga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, – deydi psixolog Barno Kalonova. – Sir emas, turli xil obektiv va subektiv sabablar oqibatida yoshlar orsida suitsid holatlari ko‘p uchrayapti, kuchli streslar oqibatida hayotini tizgindan chiqarib yuborayotganlar ming afsuski tez-tez ko‘zga tashlanayapti. Ana shunday salbiy holatlarni bartaraf qilish uchun bugungi aksiyani tashkil qildik va albatta kelajakda bu kabi aksiyalarni tez-tez tashkil qilamiz.
Kun davomida talabalar quvnoq kayfiyatda bo‘lishdi. Buni dil so‘zlarini yozishga kelganlarning ko‘pligidan ham bilish mumkin. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bildirilgan fikr-mulohazalar o‘rganilib, ular asosida talabalar bilan ishlash bo‘yicha fakultetda o‘rnatilgan tizim yanada mukammallashadi.

QarMII matbuot xizmati.