Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

KORRUPSIYA: UNING TARIXIY ILDIZLARI, KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH USULLARI

Korrupsiya – demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.

Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.

XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib jamiyat davlat boshqaruv apparatining ish sifatiga toboro ko‘proq ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu o‘sha davrda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Jumladan, 1787 yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish AQSh prezidentini impechmentga tortish mumkin bo‘lgan ikki jinoyatning biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va ularning mamlakat hayotidagi o‘rnining oshib borishi XIX-XX asrlarda rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha kamayishiga olib keldi.

Ushbu illatni tadqiq qilgan bir qator yirik mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida ko‘rsatadi.

Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar — ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi “vilka” sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanksiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi.

Aholi huquqiy savodxonligining pastligi — aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.

Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi — mamlakatdagi notinchlik birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi.

Ichki nazorat —bu usul boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa nazorat organlari tuzish orqali) yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan.

Tashqi nazorat — bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Ya’ni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berish va h.k.

Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvesiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.

Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.

Korrupsiyaga qarshi kurashda jahon mamlakatlari tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki faqatgina jinoiy qonunchilikni og‘irlashtirish yo‘li bilan bu salbiy illatga qarshi kurashib bo‘lmaydi (XXR da juda ko‘p miqdorda pora olganlik uchun o‘lim jazosi mavjud). Bu illatni yengish uchun birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik institutlarini kuchaytirish lozim bo‘ladi.

O‘ktam Abdullaev.QarMII O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchisi