Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

OLIYGOHLARDA KORRUPSIYAGA O‘RIN YO‘Q

Korrupsiya – har qanday sohaning taraqqiyotiga zarar keltiradigan illat. Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurash ruhini kuchaytirish, uning tub ildizini sug‘urib tashlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi bugun har bir kishida bo‘lishi lozim. Sababi, har birimiz qaerda, qanday muammoga duch kelsak, uning hal etilishida mas’ul shaxslarning mas’uliyatsizligi yoki ta’magirligiga guvoh bo‘lganmiz. Ming afsuski, hamon ayrim sohalar rahbarlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan qo‘l ostidagi xodimlar yoki boshqa shaxslarga nisbatan adolatsizlik qilish yoki murojaatchining “qo‘liga qarash”, biror manfaat kutish holatlari kuzatilayapti. Ana shunday kezlarda, sharoitga bo‘yso‘nish, indamay ketaverish, chidash emas, unga qarshi bong urish kerak. Mas’uliyatsizlikka, adolatsizlikka va ta’magirlikka qarshi bo‘lgan qarashni avvalo o‘zimizda kuchaytirishimiz lozim.

Prezidentimiz, oliy ta’limni korrupsiyasiz sohaga aylantiramiz, deb aytganlar. So‘nggi yillarda professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlari oshirilgani bu borada boshlangan harakatlarning yorqin misolidir. Afsuski, ayrim hamkasblarimiz orasida hamon “ustoz” degan kasbning mas’uliyatini anglab yetmayotgan, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga nisbatan sovuqqonlik bilan qarayotganlar uchrab turibdi.

O‘qituvchi eng avvalo, ta’lim va tarbiya beruvchi kasb egasidir. Oliygoh esa – mamlakat ertasini yaratadigan, uning gullab-yashnashini ta’minlaydigan “kadrlar fabrika” sidir. Bu joyda korrupsiyaga aslo o‘rin yo‘q.

QarMII rektori N.N.Maxmudov.