Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

REKTOR BITIRUVCHILAR BILAN UCHRASHDI

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Nazirila Maxmudov Iqtisodiyot fakultetining barcha yo‘nalishlarida tahsil oluvchi 4-bosqich talabalar bilan uchrashdi. Suhbat avvalida institut rektori, bugungi kunda oliy ta’lim tizimida bo‘layotgan islohotlar, talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Yaqinlashib kelayotgan saylov jarayonlari, uning mamlakatimiz rivoji, vatandoshlarimiz, qolaversa, har birimizning hayotimizda tutadigan o‘rni va roli to‘g‘risida gapirdi.

Bitiruvchi kurs talabalari oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri – oliygohni tamomlagandan keyin, yaxshi sharoit va daromadga ega ish topish masalasidir. Ko‘rib turibsiz, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi rektor. – Bu kurashlarning samarasi uzog‘i bilan yaqin 3-4 yilda yuz foizgacha o‘z natijasini beradi. Diplomim bilan xohlagan joyimda ishga ega bo‘laman, deb ortiqcha o‘zingizga ishonmang. Bugun kadrlar oldiga qo‘yiladigan eng katta talab – egallamoqchi bo‘lgan sohasini mukammal bilish. Hali ham kech emas, vaqtdan foydalanib, uztozlardan bilmaganlaringizni o‘rganing, o‘z ustingizda ko‘proq ishlang. Shu yerda turib va’da beramanki, institutni tugallashingiz oldidan viloyatimizda faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxonalar, viloyat iqtisodiyot, moliya boshqarmalari, banklar va boshqa tashkilotlardan vakillar taklif qilib, ulardagi bo‘sh ish o‘rinlariga munosib bo‘lgan talabalarimiz bilan uchrashtiraman. Bilimi bor, iqtidorli, ertaga yuzimizni yerga qaratmasligiga ko‘zim yetgan talabalarni ishga olishlari uchun o‘zim kurashaman.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi uchrashuvlar barcha fakultetlar kesimida 4-bosqich talabalari bilan o‘tkazilmoqda. Uchrashuvlarda nafaqat talabalarning muammolari o‘rganilmoqda, balki, ta’lim tizimidagi islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurash doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.

QarMII axborot xizmati.