Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

“OITS va OIVga qarshi eng yaxshi kurash – sog‘lom turmush tarzi!”

1 dekabr – Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni. Shu munosabat bilan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “OITS va OIVga qarshi eng yaxshi kurash – sog‘lom turmush tarzi!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokori Zamira Nikbaeva, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Azamat Xayriddinov, Texnologiya fakulteti dekani muovini Ixtiyor Nazarov hamda fakultet talabalari ishtirok etishdi.

  • Viloyatimiz miqyosida kasallik bilan og‘rigan bemorlarning bugungi kungacha bo‘lgan ko‘rsatkichi ming nafardan ortiq, – deydi viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokori Zamira Nikbaeva. – Ming afsuski, raqamlar o‘sib borayapti. Bunga odamlarning eng avvalo sog‘lom turmush tarziga amal qilmasligi, har xil xizmatlardan (kosmetolog, stomatolog va h.k.) foydalanganda dastgohlarning toza-ozodaligi, stirillanganligi va boshqa jihatlarni tekshirmasligi kabi bir qarashda arzimasdek tuyuladigan sabablar asosiy omil bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun ham o‘z salomatligingizga befarq bo‘lmang.

Tadbir davomida talaba-yoshlar uchun OITS va OIV hastaligi, uning tarixi,  keltirib chiqaruvchi sabablari, profilaktika ishlari va boshqa ko‘plab jihatlarni qamrab olgan film namoyish etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassisga murojaat qilishdi.

QarMII axborot xizmati.