Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

ENG SAVOBLI ISH – MISKIN KO‘NGILNI OBOD QILISH!

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari yana bir xayrli ishga qo‘l urishdi. Ular 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan  viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Nevrologiya bo‘limiga tashrif buyurib, bo‘limda davolanayotgan bolajonlar holidan xabar olishdi.

  • Institutimiz professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari mazkur bo‘limga muntazam ravishda tashrif buyurib, bolajonlar xolidan xabar olib turishadi, – deydi Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Yulduz Raxmonova. – Bugun ham shu maqsadda keldik. To‘g‘ri, sovg‘alarimiz unchalik katta bo‘lmasligi mumkin, lekin ular bolalarga juda yoqdi. Shirinliklar, ayniqsa, bir-biridan qiziqarli ertak va sarguzasht kitoblarni ko‘rib ularning ko‘zlari porlab ketdi.

Institut jamoasini shifoxona bosh shifokori I.Karimov, bosh shifokor o‘rinbosari N.Nazarov, Nevrologiya bo‘limi boshlig‘i O.Tursunova va bir guruh shifokorlar kutib olishdi. Bayramona bezatilgan xonalar bolajonlarning shodon kulgulari bilan to‘ldi. Ular o‘zlari yod olgan she’r va qo‘shiqlardan aytib berishdi. Uchrashuv uzoq davom etdi. Bu albatta, shifo istab kelgan bolajonlarni ruhlantirdi. Yashashga va sog‘ayib ketishga bo‘lgan bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirdi.

Shu kuni savob ishga o‘z hissasini qo‘shgan har bir kishi o‘zida cheksiz ijobiy quvvatni his qildi. Zero, bir miskin ko‘ngilni obod qilish – ka’bani ziyorat qilmoq bilan barobar. Yaxshilikdan umidvor inson uchun bundan ortiq baxt bormi dunyoda?

QarMII axborot xizmati.