Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

REKTOR: “IMKONIYATI CHEKLANGANLIK – KISHINI ORZULARIDAN AYIRA OLMAYDI!”

Mamlakatimiz aholisining 600 ming nafardan ortig‘i nogironligi bor bo‘lgan shaxslardir. Ularning huquq va man’faatlarini himoya qilish, turmush darajasini yaxshilash, ta’lim olish va tibbiy xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida 2017 yilning 1 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Ushbu farmon nogironligi bo‘lgan fuqarolarning imtiyozlarini qonuniy yo‘l bilan mustahkamlab qo‘ygan asosiy hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun butun dunyoda imkoniyati cheklangan fuqarolar muhofazaga olinadigan kun. Bu kunni, ya’ni, 3 dekabrni jahonning barcha davlatlarida Xalqaro nogironlar kuni sifatida keng nishonlashadi. Ertalabdan viloyat hokimligi tashabbusi bilan viloyat musiqali drama teatrida boshlangan “Mehr ulashaylik” aksiyasining mantiqiy davomi sifatida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ham tadbir tashkil etildi. Institutda tahsil olayotgan 27 nafar nogironligi bor bo‘lgan talabalarga institut rahbariyati va  xodimlar va talabalar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan sumka, kitob va o‘quv qurollari jamlanmasi topshirildi. Tadbirda institut rektori N.Maxmudov, prorektorlar, dekanlar, qo‘mita raisi F.Tilovatov, hamda bir guruh professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

  • Men bir narsaga ko‘p bora duch kelganman, imkoniyati cheklanganlik kishini oliy maqsadlaridan, orzularidan mahrum qila olmaydi, – deydi rektor Nazirila Maxmudov. – Sizlarni hammangizni taniyman, iqtidorli, intizomli talabalar ro‘yhatining boshida doimo Sizning nomingiz turadi. Insonning insoniyligini, buyukligini jism salomatligi emas, qalbi, aql imkoniyatlari belgilaydi. Shunday ekan, ilm olishdan to‘xtamang va albatta, bugungidek chiroyli qalbingizni asrang.

Uchrashuv qisqa vaqt davom etgan bo‘lsa-da, do‘stona ruhda o‘tdi. Talabalar nomidan minnatdorchilik bildirgan Neft va gaz fakulteti 3-bosqich talabasi Dilbek Raxmonov o‘z fikrlarini quyidagicha ifodalaydi:

  • Barchasi uchun ustozlarimizga rahmat. Senga ishonishlarini bilish – bu juda katta baxt, aslida. Biz harakatdan to‘xtamaymiz, ilm olish yo‘lida qancha mashaqqat bo‘lmasin, barchasini yengib o‘tishga tayyormiz.

QarMII axborot xizmati.