Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

TEXNOLOGIYANING “HUMO”SI TANLOVDA G‘OLIB BO‘LDI

Bugun Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida 8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 27 yilligiga bag‘ishlab “Konstitutsiya bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda Neft va gaz fakultetining “Shiddat”, Geologiya va konchilik fakultetining “Spiker”, Muhandis-texnika fakultetining “Kelajak bunyodkorlari” Texnologiya va Iqtisodiyot fakultetlarining “Humo” va “Taraqqiyot” jamoalari ishtirok etib, bosh qomusimiz va uning moddalari haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.

“Konstitutsiya bilimdoni” tanlovi institut xodimlari va talabalari kasaba uyushmaci qo‘mitasi hamda “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi hamkorligida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadi. Jamoalarni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor A.Xayriddinov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘ining yuridik masalalar bo‘yicha yordamchisi Sh.Ikromov, “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari P.Xoliqulov, Q.Maxmanazarov, Sh.Boymurodov va S.Murtozovadan iborat hakamlar hay’ati kuzatib borishdi. Qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan tanlovda bo‘lajak texnologlarning “Humo” jamoasi 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. Iqtisodchilarning “Taraqqiyot” jamoasi ikkinchi, Geologiya va konchilik fakultetining “Spiker” jamoasi uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Bilimdonlik bellashuvining yakuniy xulosalariga ko‘ra, yuqori o‘rinlarga munosib ko‘rilgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va estalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

QarMII axborot xizmati.