Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

KURASH BO‘YICHA “QARSHI SHAHAR HOKIMI KUBOGI” MUSOBAQASI O‘TKAZILDI.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yillik bayrami va prezidentimiz tomonidan yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 2 tashabbusida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni, yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida o‘tkazilgan nufuzli musobaqa – “Qarshi shahar hokimi kubogi” bahslariga mezbonlik qildi. Qarshi shahar hokimligi, viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi viloyat bo‘limi va institutimizning o‘zaro hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilar sportning kurash turi bo‘yicha maydonga tushishdi.

“Qarshi shahar hokimi kubogi”da Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi davlat universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiallari hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida tahsil olayotgan yuz nafarga yaqin talabalar ishtirok etib, 7 ta: 60, 66, 73, 81, 90, 100 va +100 kilogramm vazn toifalarida iqtidorlarini namoyon qilishdi.

Ochilish marosimida Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboev va kurash bo‘yicha 14 karra O‘zbekiston chempioni, 2 karra jahon chempioni, O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Abdurashid Mirzaev so‘zga chiqib, talaba-yoshlarga omad tiladilar. Dastlab, Buxoro viloyati Yakkakurash maktabining 4 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilari o‘zlarining sport elemantlariga boy chiqishlaribilan ishtirok etib, yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘lishdi. Shundan so‘ng, birin-ketin maydonga tushushgan polvonlarni xalqaro toifadagi hakamlar Farhod Toshev va Erali Yusupov baholab bordi.

Bahslar kutilmagan vaziyatlarga boy, qizg‘in va murosasiz tus oldi. Quvonarlisi, 7 ta vazn toifasining 4 tasida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining kurash ustalari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Polvonlarimiz bilan tanishing:

  1. 60 kg vazn toifasida 1-o‘rin Energetika fakulteti 3-kurs talabasi Ulug‘bek Panjiev.
  2. 66 kg vazn toifasida 1-o‘rin Texnologiya fakulteti 3-kurs talabasi Avaz Shodiev.
  3. 73 kg vazn toifasida 1-o‘rin Texnologiya fakulteti 4-kurs talabasi Faxriddin To‘ychiev.
  4. 90 kg vazn toifasida 1-o‘rin Muhandis-texnika fakulteti 4-kurs talabasi Javohir Xo‘jamurodov.

Umumjamoa hisobida Qarshi davlat universiteti kurashchilari ikkinchi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Ishtirokchilarning barchasiga musobaqa tashkilotchilari tomonidan qimmatbaho va estalik sovg‘alari taqdim qilindi.

QarMII axborot xizmati.