Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

FAKULTETDA NAZM VA NAVO KECHASI O‘TKAZILDI

Kecha Energetika fakultetida nazm va navo kechasi o‘tkazildi. Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan kecha “Alisher Navoiy – shoirlarning sultonidir” va “Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz…” deya nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan boyidi.

Unda Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor A.Xayriddinov, fakultet rahbariyati, barcha akadem guruh murabbiylari, “O‘zbek va rus tili”, “Xorijiy tillar” va “Ijtimoiy fanlar” kafedralari professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Q.Abdinabiev, viloyat “Oltin meros” jamg‘armasi raisi Sh.Ashurova, shoir T.Haydar, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist A.Qoraboev, viloyat musiqali drama teatri artisti B.Sohibov, cholg‘uchilar I.Qudratov, D.Xudoyberdiev va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

  • Ona tilimizni Navoiydek qadrlang, Vatanni Boburdek seving, – deydi Sh.Ashurova. – Ularning ijodiy merosi bir taraf bo‘lsa, bosib o‘tgan hayot yo‘li ikkinchi taraf. Ular har ikki tarafdan ham ibrat bo‘lishga, o‘rnak olishga arzirli shaxslar.

Tadbir davomida mehmonlarning ikki alloma hayoti va ijodiga bog‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi, ular qalamiga mansub asarlar asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Axborot-resurs markazi xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan viktorina, kechaning eng kulminatsion nuqtasi bo‘ldi. Unda Navoiy va Bobur ijodi haqidagi savollar o‘rin oldi.

QarMII axborot xizmati.