Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

INSTITUTDA “KARERA KUNI” BO‘LIB O‘TDI

Bugun Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida 2019-2020 o‘quv yili bitiruvchilari uchun “Karera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri o‘tkazildi va tadbirga viloyat hokimligi, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi, viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, “Sho‘rtangazkimyo majmuasi” MChJ, “O‘zbekiston GTL” MChJ, “ERIELL GmbH” Qarshi hududiy boshqarmasi, viloyat Hududiy elektr tarmoqlari AJ, viloyat Issiqlik manbai DUK,  Muborak issiqlik-elektr markazi UK, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat Iqtisodiyot va sanoat Bosh boshqarmasi, viloyat hokimligi huzuridagi Moliya boshqarmasi, viloyat Davlat soliq boshqarmasi, Markaziy bank, Hamkor bank, Turon bank va Agrobank kabi 50 dan ortiq viloyatdagi yirik korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan vakillar o‘zlarida mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari uchun talabalar bilan yakka tartibda suhbatlar uyushtirishdi.

  • Joriy o‘quv yilida bakalavriat bosqichida 22 ta ta’lim yo‘nalishi va 12 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha jami 1ming 984 nafar kadrlar tayyorlanmoqda, – deydi institut Buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va monitoring bo‘limi boshlig‘i Fazliddin Haqqulov. – Albatta, ularning munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi biz uchun juda muhim. Dastlabki natijalarga qaraganda 30 foizga yaqin bitiruvchilarimiz qirqqa yaqin korxona va tashkilotlar bilan ishga kirish hamda  amaliyot o‘tash uchun yo‘llanmalar olish  bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, institutni joriy 2019-2020 o‘quv yilida bakalavriat bosqichida 1 ming 911 nafar talaba tamomlayotgan bo‘lsa, shulardan 329 nafari xotin-qizlardir. Birgina Surxondaryo viloyatidan 35 nafar, Samarqanddan 6 nafar, Buxorodan 5 nafar, Toshkent viloyatidan 4 nafar, Toshkent shahri, Navoiy, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan 3 nafardan, Xorazm viloyatidan 1 nafar talaba turli mutaxassisliklar bo‘yicha diplom olish arafasida turibdi.

  • Bilimli, iqtidorli va ikkitadan ortiq chet tilalarini biladigan talabalarimiz dastlabki suhbatlardanoq ishga qabul qilish bo‘yicha shartnomalarni imzolashdi, – deydi Iqtisodiyot fakultetining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Komiljon Mirzaev. – “Sho‘rtangazkimyo majmuasi” MChJ, “O‘zbekiston GTL” MChJ, 4 ta bank va turli boshqarmalarga ishga joylashish bo‘yicha talabalarimiz bilan kelishuvlarga erishildi.

“Karera kuni” davomida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan laboratoriya jihozlari, turli fanlar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin bo‘lgan texnika vositalarining maketlari ham namoyish etildi va bu mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Masalan, “Yer usti transport tizimlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Akrom Rahmonov tomonidan yaratilgan “Dvigatellarni elektron boshqarish tizimi”. Bu dastgoh “Yer usti transport tizimlari va ularning eksplutatsiyasi” ta’lim yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalarga 4-5 ta fan uchun laboratoriya vazifasini o‘taydi. A.Rahmonovning ta’kidlashicha, mazkur ixtiroga avtomobil maktablari tomonidan qiziqish bildirilgan.

QarMII axborot xizmati.