Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

SHAXMAT: KUCHLILAR SARALANDI

Kecha Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabalari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha institut birinchiligi bahslari bo‘lib o‘tdi. “Shaxmat sport klubi” tashabbusi bilan “Xush kelding Navro‘zim!” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur musobaqada barcha fakultetlardan talabalar ishtirok etishdi.

Sportchi qizlar va o‘g‘il bolalarni “Jismoniy tarbiya” kafedrasi mudiri Rashid Ergashev, “Muhandis” talabalar sport klubi raisi Jumanazar To‘xtaev, Yoshlar bilan ishlash hamda ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Umrbek Toshniyazov va “Shaxmat sport klubi” yetakchisi Behruz Baxtiyorovdan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda 1-o‘rinni Energetika fakulteti talabasi Manzur Toshbaev qo‘lga kiritdi. Neft va gaz fakulteti talabasi Xondamir Ramazonovga 2-o‘rin nasib qildi. Energetika fakultetining yana ikki nafar talabasi Asqar Xolbaev hamda Habib Qarshiev 3-o‘ringa munosib bo‘lishdi.

Umidli shaxmatchi qizlardan Texnologiya fakulteti talabasi Sabina Mamatova raqiblaridan ustun kelib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Iroda Tulaeva (Geologiya va konchilik) va Xumora Hazratova (Texnologiya) kabi iqtidorli shaxmatchilarga 2- va 3-o‘rin nasib qildi. Behruz Baxtiyorovning ta’kidlashicha, g‘olib va sovrindorlar joriy yilning 18 mart kuni institut miqyosida o‘tkazilishi kutilayotgan Navro‘z umumxalq bayrami tantanalarida institut xodimlari va talabalari kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ajratilgan qimmatbaho va estalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

QarMII axborot xizmati.