Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | 0(375) 221-09-23 atm@qmii.uz

YUSUF ABSOATOV: YOSHLAR MASALASI – DOIMO DOLZARB.

Bugun mamlakatimizda yoshlar, ularning ta’lim olishi va tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor har doimgidanda yuqori. Birgina, professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish maqsadida qabul qilingan “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmonini olaylik. Unda 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda taqabalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan muassasalari tarmog‘i tashkil etilishi borasida gap boradi.

Mazkur farmonning ijrosini ta’minlash va bu borasida Qashqadaryoda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida joriy yilning 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari Yusuf Absoatov viloyatimizga tashrif buyurdi. Chiroqchi, G‘uzor, Koson tumanlari, Shahrisabz va Qarshi shaharlaridagi ta’lim muassasalarining holati bilan tanishgan vazir o‘rinbosari shu kunning o‘zida viloyatdagi 4 ta oliy ta’lim muassasasi – Qarshi davlan universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiallarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlari bilan uchrashdi. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida o‘tgan mazkur  uchrashuvda yoshlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish, besh tashabbusda nazarda tutilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha qilingan va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik va boshqa zararli odatlarning ko‘payishini oldini olish borasida suhbatlashildi. Yig‘ilishning har bir ishtirokchisi bilan birma-bir tanishib chiqqan Yu.Absoatov, ishtirokchilarning fikr-mulohazalarini o‘rgandi va bu masalada o‘z takliflarini bildirdi.

QarMII axborot xizmati.