Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

#30 iyun – Yoshlar kuni MUNOSIBLAR MUNOSIB TAQDIRLANDI

Aziz o‘g‘il-qizlarim, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda.

Sh.M.Mirziyoev.

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab Yoshlar kuni keng nishonlanmoqda. 2017 yil 30 iyun kuni “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakatining IV quriltoyida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu sanani mamlakatda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlash tashabbusini ilgari surgan edi. Aynan shu yil, ya’ni 2017 yil 26 avgustda esa “O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun e’lon qilindi.

O‘zbekiston yoshlarining kuni bo‘lgan ushbu sanada iqtidorli, intiluvchan, shaxsiy va erkin fikriga ega, ziyoli, hunarmand, tashabbuskor va yana ko‘plab yaxshi hislatlar egasi bo‘lgan yoshlar e’tirof etiladi. Bugun Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida o‘tkazilgan institut kengashida yil davomida o‘zining bilimi, qobiliyati va istedodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelgan talabalar munosib taqdirlandilar.

Oliygohning faollar zalida karantin qoidalariga amal qilingan holda davom etgan tadbirda institut rektori Orifjon Bazarov talaba-yoshlarni bayram bilan tabrikladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. “Yil talabasi-2019” Respublika tanlovida “Yilning eng faol ijodkor talabasi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan Gulboeva Shohista, “Step by step” videoroliklar, “Mening yurtim-mening faxrim” mavzusida insholar, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi Eng yaxshi maqola va “Kitobxon talaba” kabi masofaviy ko‘rik-tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan talabalar Qosim Ne’matov, Charos Hamdamova, Mahliyo Ismatova, Muzaffar Fayziev, Muxlisa Chorieva, Dilbek Raxmonov, Samandar Orolov, Yodgora Sirojiddinova, Gulnoza Radjapova va Shorasul Nizomovlarga diplom, pul mukofotlari va estalik sovg‘alari topshirildi.

  • Siz bilan bizning maqsadimiz bir – shu aziz Vatanimiz nomini dunyoga tanitish, rivojlangan davlatlar safida bo‘lishiga erishish, – deydi rektor O.Bazarov. – Bu yo‘lda qo‘lni-qo‘lga berib harakat qilsak, bizning tajribamiz, Sizning shijoatingiz bilan albatta, maqsadimizga yetamiz.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan uchrashuvda Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Azamat Xayriddinovning 2019-2020 o‘quv yili davomida institutda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qilingan ishlar va erishilgan yutuqlar borasidagi ma’ruzasi tinglandi. Navbatdagi o‘quv yilida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.

QarMII axborot xizmati.