Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

REKTOR MUROJAATI

“Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta’lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog‘liqdir”


Abdurauf Fitrat


Xurmatli ota-onalar!


        Farzandlar kamoli – ularga berilgan to‘g‘ri ta’lim-tarbiyaga bog‘liq. Demakki, kelajak avlodni Vatanga, millatga xizmat qiladigan halol inson qilib voyaga yetkazish ustoz va ota-ona sifatida – Siz-u bizning zimmamizdagi ishdir.

      O‘tgan sinovli yillar buyuk kelajakni har tomonlama yetuk va yuksak malakaga ega mutaxassis kadrlar tayyorlamasdan turib, qurib bo‘lmasligini isbotladi. Shu bois, mamlakatimizda sog‘lom va zamonaviy ta’lim-tarbiya muhitini shakllantirish bugun har birimizning ustuvor vazifamiz bo‘lmog‘i lozim. Maqsadimiz yo‘lida to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash, ayniqsa, uning obro‘siga putur yetkazayotgan korrupsiyani bartaraf etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifamiz hisoblanadi.

      O‘zbekistonda taraqqiyotimizning yangi bosqichida bu illatga qarshi kurashning eng samarali usullarini mujassam etgan kompleks yondashuvga davlatimiz rahbari tomonidan asos solinganini alohida e’tirof etish zarur.

     Kuni kecha mamlakatimiz Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etilishi o‘zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan tarixiy hujjat bo‘ldi.

    Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarni oliy ta’limga keng jalb qilish kabi ishlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Hududlarda yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.

Aziz ota-onalar!

     Bugun zamon o‘zgarmoqda. Yoshlarning ilm dargohlariga halol va pok kirishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ular hamon eskicha o‘y-xayollarda, qing‘ir yo‘llar bilan mo‘may daromad topish ilinjida yuribdilar. Ularning tuzog‘iga ilinib qolmang.

     Xalqimizda “qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor. “Korrupsiya to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli bandlariga ko‘ra pora bergan ham, pora olgan ham, ular o‘rtasida vositachilik qilgan ham qonun oldida teng javobgar sanaladi va muqarrar jazoga tortiladi. Farzandingizga yordam beraman desangiz, qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymang! Bu yo‘ldagi nojo‘ya qadam bilingki, kun kelib bolangiz kelajagini barbod qilishi mumkin.

     Mustaqil xayot ostonasida turgan, beg‘ubor va toza qalb egasi bo‘lgan dilbandlaringizni o‘z qo‘lingiz bilan mudhish jinoyat – korrupsiya domiga tashlamang. Ularning shuuriga ertasi qora, oqibati og‘ir illatni singdirmang.

     Bugun yurtimizda bilimli, iqtidorli va izlanuvchan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan o‘qishga adolatli yo‘l bilan kirishga erishishning barcha tashkiliy-huquqiy jihatlari to‘la yaratib berildi. Faqat ularga qat’iy amal qilish qoldi, xolos.

Eng to‘g‘ri yo‘l – bilim yo‘li, adolat yo‘lidir!

Adolat esa o‘zaro hamjihatlik va birlikdadir.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Orifjon Bazarov.