Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

TA’LIMDA KORRUPSIYAGA ASLO O‘RIN YO‘Q!

Korrupsiya – kechirib bo‘lmas jinoyat ekanligi, unga yo‘l qo‘yish jamiyatdagi har qanday sohani ortga tortishi, rivojlanishga bolta urishi muqarrarligi haqida qanchalik ko‘p gapirilmasin, ming afsuski, hamon odamlar orasida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilayotgani haqida eshitayapmiz.Sir emas, qabul jarayonlari ayni qizg‘in kechayotgan bir paytda farzandining qing‘ir yo‘llar bilan bo‘lsada oliy ma’lumotli bo‘lishini istagan ota-ona va nafsining quli bo‘lgan biror mas’ul shaxsning maqsadlari “mushtarak” bo‘lib, jinoyat tomon yetaklashi mumkin.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlari ishtirokida “Ta’lim muassasalarida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashning huquqiy asoslari” mavzusida ZOOM dasturi orqali o‘tkazilgan tadbirda ham ayni shu – korrupsiya muammosiga to‘xtalindi, tadbir ishtirokchilari mazkur jinoyat ishtirokchisi bo‘lmasliklari lozimligi, zero uning oqibatlari og‘ir bo‘lishi, jinoyatga jazo muqarrar ekanligi misollar bilan tushuntirildi.

Tadbirda institut rektori O.Bazarov, viloyat IIB, Jinoyat qidiruv boshqarmasi “Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish” bo‘limi tezkor vakillari, podpolkovnik J.Xushvaqtov, kapitan T.Xaqberdiev, Qarshi shahar prokurorining katta yordamchisi, 3 darajali yurist J.Raxmatovning ma’ruzalari tinglandi. Onlayn tarzda davom etgan uchrashuv savol-javoblarga boy bo‘ldi. Fakultetlar kesimida ZOOM dasturi orqali korrupsiya mavzusiga bag‘ishlab tadbirlar o‘tkazilishi lozimligi, bugungi tadbirda aytilgan gaplar institutning bircha ishchi-xodimlariga yetib borishi shartligi ta’kidlandi.

QarMII axborot xizmati.