Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

TARIXNI BILMASDAN TURIB, KELAJAKNI YARATIB BO‘LMAYDI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov joriy yilning 9 iyul kuni pandemiya sharoitida OTMlarga qabul jarayonlarini tashkil qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan maxsus brifingda oliy ta’lim tizimidagi barcha bosqichlarda tarix fanini o‘qitish masalasi vazirlikda ko‘rib chiqilgani, ijtimoiy-gumanitar fanlarni birlashtirish hamda ayrimlarini (xususan O‘zbekiston tarixi fanini) qisqartirish qaroriga kelinganini ma’lum qilgan edi.

Albatta, bir nechta ijtimoiy-gumanitar fanlarni birlashtirib, ularni optimalashtirish bu  to‘g‘ri yondoshuv. Masalan, Milliy istiqlol g‘oyasi, Dinshunoslik, Fuqarolik jamiyati, Jamiyatshunoslik kabi fanlar birgina O‘zbekiston tarixi fani negizida mujassam bo‘la oladi. Oliy ta’lim tizimiga faqat ikkita fan: O‘zbekiston eng yangi tarixi va Falsafa qolganligi yaxshi bo‘lgan. Biroq, ularni soatlari qisqartilib (30 soat ma’ruza va 30 soat amaliy mashg‘ulot), o‘rganilishi majburiy fanlar emas, balki talabalar tomonidan ixtiyoriy ikkitasidan birini tanlash imkoni berilayapti.

 Bugun oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston tarixi fanini soatlarini qisqartirilishi nechog‘li to‘g‘ri?

Qadimgi yunonlar ilk bor uchratgan insoniga: “Menga o‘z tarixni so‘zlab ber, men kimligingni aytaman” deb bejiz murojaat qilishmagan. Biz kimmiz, biz kimlarning avlodimiz, o‘tmishimiz, tariximiz, kechmishimiz qanday bo‘lgan? Bu kabi savollarni adog‘i yo‘q. Xo‘sh, soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, xalq og‘zaki ijodi, baxshichilik, dostonchilik, milliy-ma’naviy, nomoddiy madaniy  merosimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz, buyuk sarkardalarimiz, yurt qahramonlari  barcha-barchasida milliy o‘zligimiz mujassam emasmi?

Bugungi kunda o‘z vataniga xoinlik qilayotganlar, o‘z ota-onasiga tosh otayotganlar qaerdan paydo bo‘lyapti? Nega oddiy bir haqiqatni anglash shunchalik mushkul? O‘zbekiston tarixi darslarini qisqartirish bilan nechog‘lik iqtisodiy mukammallikka erishish mumkin?

Haqli savol tug‘iladi! Maktablarda tarix fani o‘qitilsa, oliy ta’limda bu takrorlanayotgan bo‘lsa, unda fizika, matematika, ingliz tili, nemis tili darslari oliy ta’limda takrorlanmaydimi? Xususan texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘rta maktabda fizika, matematika, ingliz tili, nemis tili fanlaridan o‘rgangan bilimlari oliy ta’limda ham takrorlanayotganligi,  fizika, matematika, ayniqsa ingliz tili, nemis tili fanlaridan talabalarga boshlang‘ich bilimlar berilayotganligi hammamizga ayonku!

Mustaqil O‘zbekistonda yosh avlodni fanning qaysi bir yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishishlaridan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy o‘quv yurti talabalari dunyoqarashida mustaqillik milliy mafkurasini shakllantirish uchun O‘zbekiston tarixi, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va o‘zbek allomalarining jahon sivilizatsiyalari tarixiga qo‘shgan ulkan hissalari naqadar ulkan va muhim ekanligini inobatga olib, mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekiston  tarixini o‘qitish zarur. O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Isbot talab bo‘lmagan ushbu haqiqat davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Negaki, o‘z tarixini bilgan kishi jamiyatda va kechayotgan jarayonlarga o‘zining mustaqil munosabatini bildira oladi. Talaba maktabda tarix fanini o‘qiydi. O‘qish jarayonida undagi shakllangan dunyoqarash o‘sha yosh nuqtai nazari bilan o‘lchanadi. O‘rta umumta’lim maktablarida yaratilgan tarix darsliklari asosan o‘quvchilarni dunyoqarashiga moslab, soddaroq bayon etiladi. Oliy ta’limda O‘zbekiston tarixi fani qisqartirilgan soatlarda va fanga muammoli yondoshuv asosida o‘qitib kelinmoqda edi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlarini aksariyat ilmiy darajali mutaxassislar, ya’ni fan doktorlari, professorlar, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari, dotsentlar olib boradilar.

Yoshlarimizga oliy ta’limda vatan tarixini chuqurroq, fanda keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan ilmiy yangiliklar, olimlarning ilmiy tadqiqotlari natijasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan hamohang tarzda bilim beriladi. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan talabaning tarixni yana bir bor takrorlashi natijasida mustaqil xulosalar shakllana borib, uning dunyoqarashida ijobiy o‘zgarishlar boshlanadi. Tarixiy jarayonlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi va qiyosiy tahlil qila olish qobiliyati yuzaga keladi. Afsuski, Oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekiston tarixi fani soatlari qisqartirilishi bilan bir qatorda uning faqat bir qismi ya’ni eng yangi davrini o‘rganish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, ayrim oliy dargohlarda, jumladan TDTUda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekistonning eng yangi tarixiga tavsiya etilgan soatlarni (15 soat ma’ruza va 30 soat amaliy mashg‘ulot)qisqartirish, Toshkent kimyo texnologiya institutida esa umuman fanni o‘quv rejadan olib tashlash tendensiyalari paydo bo‘lmoqda. Bo‘lajak mutaxassislarning dunyoqarashi va tafakkuri shakllanishida tarix  fanini o‘rganish muhim o‘rin tutadi. Ularni eng ulug‘ milliy  ma’naviyatimiz ruhida, jahon miqyosida  o‘z mavqeini  hamisha saqlab qoladigan, hozirgi kunda mamlakatimizda bo‘ladigan o‘zgarishlarga chuqur anglash – shu muqaddas his-tuyg‘ularni  teran idrok etadigan, xullas, shaxsiy manfaatlarini, el-yurt manfaatlari bilan uyg‘un deb biladigan avlodni tarbiyalab yetishtirishimiz zarur.

Oliy ta’limda O‘zbekiston tarixi fani soatlarini qisqartirish emas, aksincha yuqoridagi asoslarga tayanib fan o‘quv soatlarini ko‘paytirishni, O‘zbekiston tarixi fanini ixtiyoriy fanlar blokidan majburiy fanlar blokiga o‘tkazilishi lozim.

Ergasheva Yulduz Alimovna, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputati, QarMII professori, tarix fanlari doktori.