Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

“KORRUPSIYA VA PORAXO‘RLIKKA QARSHI BIRGALIKDA KURASHAMIZ” MAVZUSIDA ONLAYN SEMINAR O‘TKAZILDI

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 24, 28 iyul kunlari barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va mutaxassis-xodimlari ishtirokida “Korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusidagi onlayn uchrashuvlar tashkil etildi.

Bugun mazkur uchrashuvlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda seminar o‘tkazildi.

Onlayn tadbirni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Absoatov Yusuf Qodirovich ochib berdi. U o‘z nutqida oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlar hamda qabul jarayoni, ta’lim berish va talabalar bilimini baholash, , professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Shu bilan birgalikda, seminarda Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Raximjon Xakimov oliy ta’lim tizimida korrupsiyani oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan, mazkur universitetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Axror Hoshimxonov “Korrupsiya illatini jilovlash uchun qonunchilikda barcha asoslar mavjud” mavzusida hamda Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi mudiri Husan Ochilov “Korrupsiyaga qarshi kurashishda mustaqil organ ahamiyati” mavzularida ma’ruza qildilar.

Seminarda 450 dan ortiq ishtirokchi – Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xodimlari, respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalari prorektor (direktor o‘rinbosari)lari, fakultet dekanlari, qabul komissiyasi mas’ul kotiblari va o‘rinbosarlari qatnashdi.

Seminar yakunida bu salbiy illatga qarshi birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib kurashishga hamda oliy ta’lim tizimini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish maqsadiga erishish uchun tizimning barcha salohiyatini safarbar etishga kelishib olindi.

Manba: edu.uz