Ko`zi ojizlar uchun | Davlat ramzlari | Aloqa formasi | (375) 221-09-23 atm@qmii.uz

#Rektor minbari Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori O.Sh.Bazarovning abiturientlar va ularning ota-onalariga murojaati.

Koronavirus pandemiyasining yurtimizga kirib kelishi va uning aholi orasida tarqalib ketish xavfi ortib borayotgan ayni sharoitda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi oliy ta’limda ham bir qancha islohotlar amalga oshirilmoqda. Yillar davomida amal qilib kelinayotgan odatlardan cheklanayapmiz yoki butkul voz kechayapmiz. Bu albatta, kasallikning tarqalish ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladi.

Kuzatib turibsiz, joriy yilda, ya’ni 2020-2021 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtixonlari o‘tkazilishi lozim bo‘lgan sanalar avvalgi yillardagi muhlatidan bir oz ortga surildi. Buni kelajakda talaba bo‘lish istagida bo‘lgan har bir yosh yigit-qiz to‘g‘ri tushunib, oradagi muddatni bilimini mustahkamlab olish, test savollariga yanada kuchliroq tayyorlanish uchun berilgan vaqt deb qabul qilgan degan umiddamiz. Zero, imtihon – bir yillik (yoki undan ham ko‘p vaqtdagi) mehnatlarning samarasini ko‘rsatadigan jarayon. Ota-bobolarimiz aytganidek, g‘alvir suvdan ko‘tariladigan, saragi sarakka, puchagi puchakka ajraladigan kun.

Hurmatli ota-onalar, aziz abiturientlar. Garchi pandemiya munosabati bilan imtihon topshirish muhlati kechikkan bo‘lsada, uning shaffof o‘tishini ta’minlash borasidagi harakatlar kuchaysa kuchayadiki, aslo susaymaydi. Prezidentimizning abiterientlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida imtixonlarni markaziy stadionlarda o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflaridan so‘ng, joriy yilgi imtihonlar ochiq osmon ostida o‘tkazilishi belgilandi. 2020 yilning 2 sentabr sanasidan boshlanib, 14 kun davom etadigan jarayonda turli qing‘ir yo‘llar bilan talaba bo‘lish istagida bo‘lgan abiturientlarning xatti-harakatlarini oldini olish tadbirlari ishlab chiqilgan. Shunday ekan, farzandingizni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilayotgan firibgarlar so‘zlariga uchmang, ularga aldanib, dilbandingiz vaqtini “o‘g‘irlamang”.

O‘zbekistonning ertasi porloq bo‘lishi va rivojlangan davlatlar safida dunyoga yuz tutishida albatta, ilmli, iqtidorli va izlanuvchan yoshlarning o‘rni nihoyatda katta. Shunday ekan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlang. Ularni korrupsiya deb ataluvchi botqoqqa boshlamang, kelajaklariga rahna solmang. Yillar davomida to‘plagan bilimining mevasini totishiga, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab olishiga imkoniyat bering.